Yuklanmoqda...
Ferganamedia.uz 2024-yil 26-sentabrda Prezident administratsiyasi huzuridagi AOKA tomonidan elektron ommaviy axborot vositasi sifatida ro'yxatdan o'tkazilgan. Guvohnoma raqami: 414738. Tashkilotchi: «Fergana Media Press» MCHJ.
Ferganamedia.uz 2024-yil 26-sentabrda Prezident administratsiyasi huzuridagi AOKA tomonidan elektron ommaviy axborot vositasi sifatida ro'yxatdan o'tkazilgan. Guvohnoma raqami: 414738. Tashkilotchi: «Fergana Media Press» MCHJ.
O'zbekiston 2027 yilda sayohat uchun eng xavfsiz davlatlar reytingida 27-o'rinni egallab, Markaziy Osiyoda birinchi bo'ldi. Bu natija ortida nimalar turibdi?

So'nggi yillarda mamlakatimizda jamoat xavfsizligini ta'minlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, fuqarolarning tinch va osoyishta hayot kechirishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish borasida keng ko'lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Xususan, har bir mahallada xavfsiz muhitni shakllantirish, jinoyatchilikka sabab bo'layotgan omillarni manzilli aniqlash va bartaraf etish, aholi bilan hamkorlikda profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylandi.
Ushbu islohotlar natijasida mamlakatimizda xavfsizlik va barqarorlik muhiti mustahkamlanib, mahalliy va xorijiy sayyohlarning erkin harakatlanishi, turistik hududlarda qulay va ishonchli muhit shakllanishiga zamin yaratilmoqda. Bu esa, o'z navbatida, O'zbekistonning turistik jozibadorligini oshirish, sayyohlar oqimini ko'paytirish hamda turizm sohasining barqaror rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Olib borilayotgan islohotlar natijasida mamlakatimizda jamoat xavfsizligini ta'minlash, jinoyatchilikning oldini olish va fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini himoya qilish borasida shakllangan samarali tizim xalqaro miqyosda ham e'tirof etilmoqda.
Xususan, AQShdagi “CEOWORLD Magazine” xalqaro biznes, iqtisodiyot, moliya va boshqaruv sohalariga ixtisoslashgan internet nashri 2026 yil 23 noyabrda elon qilgan “2027 yilda tashrif buyurish uchun eng xavfsiz davlatlar” reytingida O'zbekiston 198 ta davlat o'rtasida 100 balldan 81,03 ball to'plab, 27-o'rinni egallab, xavfsizlik darajasi “juda yuqori” deya baholangan 34 ta davlat qatoridan joy olib, Markaziy Osiyoda esa bu toifaga kirgan yagona davlat bo'ldi.
Reytingdagi umumiy ball to'rtta ochiq ko'rsatkichdan 35% AQSh Davlat departamenti va Kanada hukumatining sayohatchilar uchun ogohlantirishlari, 30% Global tinchlik indeksi, 20% Numbeo platformasining Xavfsizlik indeksi, 15 % BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik masalalari bo'yicha boshqarmasi hisoblagan qasddan odam o'ldirish ko'rsatkichlari holatidan shakllangan.

Reytingda Singapur 89,72 ball bilan birinchi o'rinda, undan keyin Yaponiya, Islandiya, Sloveniya va Shveysariya joylashgan. O'zbekiston 81,03 ball bilan Malayziya (28-o'rin), Avstraliya (29), Kanada (34) va Vetnam (35) kabi davlatlardan oldinda.
Shuningdek, Avstraliyaning xalqaro miqyosda faoliyat yurituvchi mustaqil ilmiy-tadqiqot markazi hisoblangan Iqtisodiyot va tinchlik instituti (Institute for Economics & Peace — IEP) e'lon qilgan Global tinchlik indeksi 2026 natijalariga ko'ra, O'zbekiston ushbu reytingda ham yuqori o'rinlardan birini egallagan.
Jumladan, O'zbekiston 163 davlat orasida 37-o'rinni egallab, 1,726 ball to'plagan va Markaziy Osiyoda eng yuqori natijani qayd etgan. Keyingi o'rinlarni Qozog'iston (44-o'rin), Tojikiston (47), Qirg'iziston (61) va Turkmaniston (66) egallagan. O'zbekiston shuningdek, reytingda Buyuk Britaniya va Shvesiyadan yuqorida joylashgan.
Ushbu indeks “CEOWORLD Magazine” reytingining tarkibiy qismlaridan biri bo'lgan.
Yuqorida qayd etilgan ijobiy o'zgarishlar va xalqaro e'tiroflar o'z-o'zidan yuzaga kelmagan, albatta. Ularning zamirida jamoat xavfsizligini ta'minlash tizimini takomillashtirish, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, aholi bilan manzilli ishlash hamda turistlar uchun xavfsiz va qulay muhit yaratishga qaratilgan keng ko'lamli islohotlar, puxta o'ylangan chora-tadbirlar va mas'ul idoralar xodimlarining fidokorona mehnati mujassam.

Ayniqsa, joylarda xavfsizlikni ta'minlash, mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish borasidagi kundalik tizimli faoliyat bugungi natijalarning muhim omili bo'lib xizmat qilmoqda.
Birgina misol, 2016 yilda ichki ishlar organlarida 6 ta axborot tizimi mavjud bo'lgan bo'lsa, 2026 yilga kelib ular soni 62 taga etgan. Shuningdek, 35 idora o'rtasida 318 elektron ma'lumot almashinuvi yo'lga qo'yilgan. 2026 yilning to'qqiz oyida esa ichki ishlar organlari tomonidan 31 917 jinoyat fosh etilgan.
Shuningdek, sayyohlar xavfsizligiga ham alohida e'tibor qaratilgan va turizm xavfsizligini ta'minlash bo'yicha maxsus bo'linmalar shakllantirilgan.
Shu bilan birga, “2019–2025 yillarda O'zbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish Konsepsiyasi”dagi vazifalarda mamlakatning sayohat va dam olish uchun xavfsiz davlat sifatidagi imijini mustahkamlash belgilangan.
2025 yilda O'zbekistonga sayohat maqsadida 11,7 mln nafar chet el fuqarosi tashrif buyurgan, turizm eksporti 4,7 mlrd AQSh dollariga etgan. Masalan, 2022 yilga nisbatan 2025 yilda AQShdan kelgan sayyohlar oqimi 3 baravar, Buyuk Britaniyadan 2,6 baravar, Fransiyadan 2,9 baravar, Germaniyadan 2,5 baravarga oshgan. 2030 yilgacha esa sayyohlar oqimini 20 mlnga etkazish rejalashtirilgan.
“CEOWORLD Magazine” reytingidagi 27-o'rin va Global tinchlik indeksidagi 37-o'rin bir-birini to'ldiruvchi, turli metodologiyaga tayangan ikki xalqaro baho bo'lib, ular mahallada profilaktika, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, ichki ishlar organlari faoliyatini raqamlashtirish, turistik polisiya va vizasiz rejim kabi islohotlarning o'zaro uyg'unligidan darak beradi.
Umuman olganda, reytinglardagi yuqori ko'rsatkichlar mamlakatimizda tinchlik, barqarorlik va jamoat xavfsizligini ta'minlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqaro miqyosdagi e'tirofi va ular samaradorligining muhim ko'rsatkichidir. Bu natijalar, avvalo, fuqarolarning osoyishta hayotini ta'minlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda jamiyatda xavfsizlik muhitini mustahkamlashga qaratilgan tizimli faoliyatning samarasini namoyon etadi.
Shu bilan birga, xalqaro e'tirof mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, mavjud tajribani yanada takomillashtirish va jamoat xavfsizligini ta'minlashning zamonaviy mexanizmlarini keng joriy etishga muhim rag'bat bag'ishlaydi.
Eng muhimi, bunday natijalar O'zbekistonning xorijiy mehmonlar va sayyohlar uchun tinch, xavfsiz, barqaror hamda qulay muhitga ega mamlakat sifatidagi nufuzini mustahkamlab, turizm sohasining yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.
Ahmadjon Oripov, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Farg'ona hududiy bo'linmasi bosh mutaxassisi.

Muallif
Shuhratjon EsanovIzohlar yo'q.
Ferganamedia.uz 2024-yil 26-sentabrda Prezident administratsiyasi huzuridagi AOKA tomonidan elektron ommaviy axborot vositasi sifatida ro'yxatdan o'tkazilgan. Guvohnoma raqami: 414738. Tashkilotchi: «Fergana Media Press» MCHJ.